16-modda. Saylov komissiyalariga aʼzolik
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Okrug saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalarining aʼzolari jamoatchilikning obroʻli vakillari orasidan tayinlanadi.
Komissiyaning aʼzosi shaxsan bergan arizasiga muvofiq, shuningdek vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda oʻz vazifasini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Komissiya aʼzosini vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan organga tegishli boʻlib, komissiya aʼzosi ushbu Qonun talablarini buzgan yoki oʻz vazifalarini muntazam ravishda eʼtiborsiz qoldirib kelgan taqdirda vakolatlaridan mahrum etiladi.
Zarurat boʻlganda saylov komissiyasining yangi aʼzosi ushbu Qonunda belgilangan tartibda tayinlanadi.
Saylov komissiyasining raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va boshqa aʼzolari siyosiy partiyaning aʼzosi boʻlishlari mumkin emas. Deputatlikka nomzodlar saylov komissiyalariga aʼzo boʻlishlari mumkin emas.
Bir shaxs faqat bitta saylov komissiyasiga aʼzo boʻlishi mumkin.
