42-modda. Oliy Majlisga deputatlar saylovining natijalarini aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida (990-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonlar asosida:
respublika boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini;
saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini;
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlarning sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlarining sonini aniqlaydi.
Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan Oliy Majlis deputatligiga nomzod deputat etib saylangan hisoblanadi.
Basharti saylovchilarning roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning yarmidan kami saylovda ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb hisoblanadi.
Saylov chogʻida yoʻl qoʻyilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari yoxud ayrim saylov uchastkalari boʻyicha oʻtmagan deb topilishi mumkin. Saylovni haqiqiy emas deb topishga doir qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu qaror ustidan saylov yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Ayrim saylov uchastkalarida saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan ana shu uchastkalar boʻyicha ovoz berish natijalari, basharti bu natijalarsiz ham saylov umuman haqiqiy deb topilishi mumkin boʻlsa, saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari boʻyicha bayon tuzadi va qaror qabul qiladi.
