25-modda. Saylovoldi tashviqoti
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida (990-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Deputatlarga nomzodlarga oʻz saylovchilari bilan ham yigʻilishlarda, ham saylovchilar uchun qulay boʻlgan boshqa shaklda uchrashuvlar oʻtkazishda teng huquq beriladi. Saylovchilarning yigʻilishlari uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuman, shahar hokimligi bilan birgalikda tashkil etiladi. Saylov komissiyalari, tumanlar va shaharlarning hokimliklari Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarga yigʻilishlar oʻtkazish uchun jihozlangan binolar ajratadilar. Yigʻilishlar va uchrashuvlar oʻtkaziladigan vaqt va joy saylovchilarga barvaqt xabar qilinadi.
Davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari deputatlikka nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishni tashkil etishda, zarur maʼlumot va axborot materiallari olishda yordam koʻrsatishlari shart.
Siyosiy partiyalarga oʻzining kelgusi faoliyat dasturi bilan chiqish huquqi beriladi. Partiyalar va deputatlikka nomzodlarning dasturlari respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan boʻlmasligi, xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qilmasligi, unda urush, milliy adovat, irqiy va diniy xusumat targʻiboti, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kamsituvchi xatti-harakatlarga daʼvat boʻlmasligi kerak.
Tashviqotning saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlari bundan mustasno), shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borilishi taqiqlanadi.
Saylov kuni tashviqot yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
