46-modda. Issiqlik energiyasidan foydalanishdagi qoidabuzarliklar
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Yiliga besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik hamda undan ortiq tonna motor yoqilgʻisini isteʼmol qiladigan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan isitish tarmoqlaridan issiq suv, bugʻ va bugʻ kondensatining asossiz ravishda sarflanishi, xususan, issiq suvning sirqib toʻkilishi, issiqlik va bugʻ quvurlaridan, issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan, issiqlik tarmoqlaridan issiqlik izolyatsiyasisiz foydalanish — oʻlchov asbob-anjomlari orqali yoki normativ usullar bilan aniqlangan yoʻqotilgan issiqlik energiyasi qiymatining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan va issiqlik tarmoqlaridan texnik jihatdan foydalanish qoidalarida belgilangan talablarga javob bermaydigan texnik holatda foydalanish — mazkur uskuna tomonidan isteʼmol qilinadigan, uzatiladigan yoki oʻzgartiriladigan issiqlik energiyasining oʻrtacha oylik miqdori qiymatining besh foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Issiqlik taʼminoti tashkiloti tomonidan normativ hujjatlarda yoki issiqlik taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan issiqlik energiyasi sifat koʻrsatkichlaridan chetga chiqish — sifat koʻrsatkichlari buzilgan holda isteʼmolchiga berilgan issiqlik energiyasi qiymatining bir foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
