45-modda. Elektr energiyasidan foydalanishdagi qoidabuzarliklar
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Reaktiv quvvat kompensatsiyasi boʻyicha ishlarni tashkil etish tartibini buzish yoki unga rioya etmaslik — asbob-uskunalar yoki normativ usullar bilan aniqlangan isrof boʻlgan elektr energiyasi miqdori qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan elektr yoritgichlardan qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha, ishlab chiqarish zaruriyati boʻlmagan holda foydalanish, shuningdek hududlarni kunning yorugʻ davri davomida maqsadsiz yoritish — normadan ortiqcha yoki kunning yorugʻ davrida foydalanilgan elektr energiyasi qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Energiya isteʼmolchilariga sifat koʻrsatkichlari davlat standarti talablariga javob bermaydigan elektr energiyasi yetkazib berish — sifatsiz yetkazib berilgan elektr energiyasi qiymatining bir foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
