17-modda. Energiya auditini oʻtkazish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarining energiya auditi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Energiya auditi energiya auditi xizmatlarini koʻrsatuvchi va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan oʻtkaziladi.
Energiya auditining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish salohiyatini baholash;
yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolining progressiv normalariga oʻtish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish;
energiyani tejashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
energetika pasportini ishlab chiqish.
Energiya auditi natijalari boʻyicha ishlab chiqilgan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar maqsadli, hududiy va tarmoq dasturlariga hamda audit oʻtkazilayotgan yuridik shaxslarning energiyani tejash dasturlariga kiritiladi.
Davriy energiya auditi Oʻzenergoinspeksiya bilan kelishilgan holda, har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan jadvallarga asosan besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Majburiy energiya auditi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalarini uch yildan kam boʻlgan davr ichida oʻrnatgan va asosiy texnologik uskunalarni shu davr ichida modernizatsiya qilgan hamda Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda ekspress energiya audit shaklida oʻtkaziladi.
Majburiy energiya auditini oʻtkazish Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan texnik topshiriqqa asosan amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy energiya auditi energiya auditini oʻtkazish uchun ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan oʻtkaziladi.
Ichki energiya auditi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq korxonalar va tashkilotlarning energetika menejmenti boʻlimlari (guruhlari) tomonidan oʻtkaziladi.
Ichki energiya auditini oʻtkazuvchi shaxslar:
ichki energiya auditini oʻtkazish va uning natijalarini koʻrib chiqish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish;
ichki audit oʻtkazishda yuzaga kelgan masalalar yuzasidan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish uchun masʼul boʻlgan shaxslardan tushuntirishlar va boshqa qoʻshimcha axborot olish huquqiga ega.
