16-modda. Energiya auditini tashkil etish
Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida (O‘RQ-940-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Energiya auditi majburiy va ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi.
Majburiy energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda dastlabki, davriy, navbatdan tashqari va ekspress energiya auditi shaklida oʻtkaziladi.
Dastlabki energiya auditi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishni baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Davriy energiya auditi besh yilda kamida bir marta majburiy tartibda oʻtkaziladi.
Navbatdan tashqari energiya auditi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq oʻtkaziladi.
Ekspress energiya auditi energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlarini aniqlash, shuningdek texnik va texnologik modernizatsiya ishlarini amalga oshirish natijasida erishilgan energiya samaradorligi koʻrsatkichlarini tezkor aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Ixtiyoriy energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilmagan isteʼmolchilarda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
Ichki energiya auditi yoqilgʻi-energetika resurslarining aniq turi, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish, alohida agregat (agregatlar guruhi) yoki energiya samaradorligining alohida koʻrsatkichlari boʻyicha oʻtkaziladigan energiya auditidir.
