60-modda. Elektr energetikasi sohasidagi favqulodda vaziyatlar
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, yetkazib berish va elektr energiyasi savdosi jarayonlarini buzadigan yoki ularga tahdid soladigan, shuningdek elektr energetikasi sohasining umumiy xavfsizligiga, tizimning ishonchliligiga yoki isteʼmolchilarning elektr taʼminotiga tahdid tugʻdiradigan, elektr energetikasi korxonalarining nazorati ostidan chiqqan kutilmagan holatlar tufayli yuzaga keladigan avariya vaziyati elektr energetikasi sohasidagi favqulodda vaziyat hisoblanadi.
Elektr energetikasi sohasidagi favqulodda vaziyat maxsus vakolatli davlat organi tomonidan eʼlon qilinadi.
Elektr energetikasi sohasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda qoʻllaniladigan himoya choralari va tartib-taomillari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Energetika bozori regulatori, uzatish tizimi operatori va taqsimlash tizimi operatori, shuningdek favqulodda vaziyat taʼsir qilishi mumkin boʻlgan boshqa tegishli vakolatli organlar bilan kelishilganidan keyin qabul qilinadi.
Elektr energetikasi sohasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda qoʻllaniladigan barcha choralar vaqtinchalik xususiyatga ega boʻlib, aholi, elektr energetikasi obyektlari va uskunalarning jisman xavfsizligiga boʻlgan tahdidlarni bartaraf etish uchun qabul qilinadi. Ushbu choralar elektr taʼminoti tizimining ishlashiga aralashuvni imkon qadar kamaytirish uchun qatʼiy zarur harakatlar bilan cheklanadi.
Ushbu bob qoidalari “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga zarar yetkazmagan holda qoʻllaniladi.
