59-modda. Elektr taʼminoti xavfsizligini taʼminlash choralari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Maxsus vakolatli davlat organi elektr taʼminoti xavfsizligini taʼminlash hamda elektr energetikasi sohasida favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimini ishlab chiqish va joriy etishda Energetika bozori regulatori va uzatish tizimi operatori bilan hamkorlik qiladi hamda quyidagi yoʻnalishlarni takomillashtirib boradi:
Oʻzbekiston Respublikasida isteʼmolchilarni xavfsiz va barqaror elektr energiyasi bilan ishonchli taʼminlash;
elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozorining shakllanishi hamda ishlashi;
elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tizimlarining samaradorligini taʼminlash, muntazam texnik xizmat koʻrsatish hamda zarur hollarda ushbu tizimlarni yangilash, qurish va rekonstruksiya qilish;
belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik reglamentlarga muvofiq tegishli texnik hujjatlarni ishlab chiqish;
elektr energiyasiga boʻlgan talabni qanoatlantirish uchun uzatish va taqsimlash tizimlariga kapital qoʻyilmalarni toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarishni, shuningdek elektr va issiqlik energiyasini birgalikda ishlab chiqarishni rivojlantirish;
elektr energetikasi sohasining barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida elektr energiyasini uzatish uchun yetarli boʻlgan quvvatlarni va zaxira quvvatlarni yaratish;
elektr energiyasiga boʻlgan talab va ishlab chiqarish quvvati oʻrtasidagi muvozanatni saqlash;
energiya samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va energiyani tejash choralarini ragʻbatlantirish;
elektr energiyasini tejashga doir chora-tadbirlarni ilgari surish.
Elektr taʼminoti xavfsizligini taʼminlash choralari Oʻzbekiston Respublikasi isteʼmolchilariga nisbatan ushbu choralarning iqtisodiy va ijtimoiy taʼsiri, xususan, elektr energiyasining tariflariga yoki narxlariga potensial taʼsir koʻrsatishi nuqtai nazaridan asoslantirilgan hamda kamsitmaydigan boʻlishi va elektr energiyasining ulgurji yoki chakana bozoridagi raqobat shartlarini hamda narxlarni belgilashda noaniqliklarni keltirib chiqarmasligi, shuningdek elektr energiyasi bozorining ishtirokchilariga yoki yangi ishtirokchilariga haddan ortiq toʻsiqlar yaratilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
Elektr energetikasi sohasining barqarorligini, xavfsizligini va ishonchliligini, shu jumladan talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatni saqlash uchun maxsus vakolatli davlat organi Energetika bozori regulatori va uzatish tizimi operatori bilan kelishgan holda bir yoki bir nechta ishlab chiqaruvchining zimmasiga oʻz ishlab chiqarish quvvatlarini saqlab turish majburiyatini yuklatishi mumkin. Ushbu qismga muvofiq elektr stansiyalarining quvvatlarini saqlash va boshqarish shartlari elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalariga binoan amalga oshiriladi.
