52-modda. Litsenziatlarning huquq va majburiyatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Litsenziatlar oʻz huquq va majburiyatlarini ushbu Qonunga hamda litsenziyalash tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.
Litsenziatlar Energetika bozori regulatorining yozma roziligisiz elektr energetikasi sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyatni toʻxtatib turishi, tugatishi, cheklashi yoki kengaytirishi mumkin emas, bundan kontragent tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar haqi toʻlanmagan yoki ushbu Qonun yoki litsenziyalash tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlariga muvofiq tegishli faoliyat turlari texnik yoxud xavfsizlik sabablari tufayli toʻxtatib turilgan, tugatilgan, cheklangan hollar mustasno.
Litsenziat litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi yoki axborotdagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida Energetika bozori regulatorini xabardor qiladi. Litsenziat oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni muntazam ravishda Energetika bozori regulatoriga hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa vakolatli davlat organlariga Energetika bozori regulatori tomonidan belgilangan hisobot berish qoidalariga muvofiq oshkor qiladi.
Elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozorlari qoidalariga, shuningdek litsenziya shartlariga muvofiq elektr energetikasi korxonasining bozordagi ishtiroki ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishga doir quyidagi majburiyatlarni oʻz ichiga oladi:
xizmatlarni isteʼmolchilarning ehtiyojlari va talablariga muvofiq bajarish hamda tashkil etish;
barcha elektr energetikasi korxonalariga nisbatan sogʻlom raqobat hamda kamsitishga yoʻl qoʻymaslik prinsiplarini keng qoʻllash orqali elektr energiyasi ishonchli, qulay va samarali tarzda yetkazib berilishini taʼminlash;
elektr energiyasining va turdosh xizmatlarning hajmlari va narxlari, shuningdek boshqa tijoratga doir shartlar bozordagi talab va taklif asosida kelishilishini taʼminlash.
Litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirishda barcha elektr energetikasi korxonalari quyidagilarni hisobga olishi kerak:
elektr taʼminoti xavfsizligini;
elektr taʼminotining belgilangan yoki shartnomada nazarda tutilgan sifatini;
tariflarni tartibga solish talablarini;
atrof-muhitni muhofaza qilishni, energiya samaradorligi va energiya tejamkorligini oshirishni;
odamlarning sogʻligʻi, hayoti va mol-mulkini himoya qilishni;
