51-modda. Litsenziyalash
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Litsenziyalash jarayonida Energetika bozori regulatori shaffof, xolis tarzda va kamsitishsiz harakat qiladi.
Litsenziyalash boshqa davlat organlari tomonidan litsenziyalar va ruxsatnomalar berilishiga taʼsir koʻrsatmasligi kerak.
Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, litsenziyalar Energetika bozori regulatori tomonidan ularning amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.
Energetika bozori regulatori quyidagi hollarda litsenziya berishni rad etishi mumkin:
agar ariza beruvchi hujjatlarni toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etgan boʻlsa;
agar ariza beruvchining qonunchilik talablariga muvofiq ayrim turdagi faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun qoʻshimcha litsenziyalari yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlari boʻlmasa;
agar ariza beruvchi oʻz ixtiyoriga koʻra yoki sudning qaroriga koʻra tugatish jarayonida boʻlsa;
agar ariza beruvchining elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlaridan birini amalga oshirishga doir avvalgi litsenziyasi tegishli ariza berilishiga qadar soʻnggi besh yil ichida ariza beruvchi yoki uning huquqiy vorisi bilan bogʻliq sabablarga koʻra bekor qilingan boʻlsa;
agar ariza beruvchining elektr energiyasini ishlab chiqarish sohasida ustun mavqeyi eʼtirof etilgan boʻlsa;
litsenziyalash tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Faoliyatning quyidagi turlari (va ularning kichik turlari) boʻyicha litsenziya uchun yillik davriy yigʻim belgilanadi:
elektr energiyasini ishlab chiqarish;
elektr energiyasini uzatish;
elektr energiyasini taqsimlash;
elektr energiyasini saqlash;
elektr energiyasi taʼminoti;
markaziy xarid qiluvchining vazifalarini bajarish;
elektr energiyasi savdosi.
Litsenziya uchun yillik davriy yigʻimlar miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq belgilanadi.
