45-modda. Tariflar va toʻlovlarni belgilash prinsiplari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlar, ularni belgilash uslublari ushbu Qonun prinsiplariga asoslanadi.
Tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlar elektr energetikasi korxonalarining rentabelligini taʼminlaydi hamda quyidagi asosli xarajatlarni aks ettiradi:
ekspluatatsiya xarajatlarini;
yoqilgʻi uchun xarajatlarni;
texnik xizmat koʻrsatish, modernizatsiya qilish, qurilish va rekonstruksiya qilish uchun xarajatlarni;
amortizatsiya xarajatlari, shu jumladan asosiy xarajatlarni;
soliqlar, litsenziya yigʻimlari va boshqa toʻlovlarni.
Asosiy xarajatlar asosli xarajatlar prinsipi asosida elektr energetikasi korxonalari tomonidan hisobga olinadi.
Tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlarni belgilashda elektr energetikasi korxonalarining ekspluatatsiya va boshqaruv samaradorligini oshirish, yoʻqotishlarni kamaytirish, taʼminot xavfsizligini taʼminlash, koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash, ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek energiya samaradorligini oshirish choralari hisobga olinadi.
Tegishli tizim operatorlari obyektlaridan foydalanishni, yetkazib berishni va savdo faoliyatini oʻzaro kesishma subsidiyalash taqiqlanadi, shuningdek foydalanuvchilar oʻrtasida kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
