44-modda. Tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlar
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Quyidagi tariflar va toʻlovlar Energetika bozori regulatori tomonidan tartibga solinadi:
markaziy xarid qiluvchi tomonidan ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan quvvat va elektr energiyasi uchun tariflar;
taʼminotchilar va yirik isteʼmolchilar tomonidan markaziy xarid qiluvchidan sotib olinadigan elektr energiyasi uchun tariflar;
toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuvlar asosida yoki litsenziyaga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchilar tomonidan qurilgan yangi elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan quvvat va elektr energiyasi uchun markaziy xarid qiluvchi toʻlashi lozim boʻlgan tariflar;
mikroelektr stansiyalaridan sotib olinadigan elektr energiyasi uchun tariflar;
taʼminotchiga yoki tayinlangan taʼminotchiga isteʼmolchilar tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan tariflar;
foydalanuvchilar tomonidan uzatish tizimi operatoriga elektr energiyasini uzatish xizmatlari uchun toʻlanadigan tariflar;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlar bilan bogʻlangan davlatlararo elektr energiyasini uzatish tarmoqlaridan foydalanganlik uchun uzatish tizimi operatoriga toʻlanadigan tariflar;
foydalanuvchilar tomonidan taqsimlash tizimi operatoriga elektr energiyasini taqsimlash xizmatlari uchun toʻlanadigan tariflar;
yagona elektr energetikasi tizimida ulanish nuqtalarini qurish uchun toʻlovlar;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish uchun toʻlovlar;
tegishli tizim operatorlari tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar uchun toʻlovlar;
elektr energiyasi bozori operatorining xizmatlari uchun toʻlovlar;
ishlab chiqaruvchilarning zaxira quvvatlari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun tariflar;
qonunchilikda belgilangan boshqa tariflar va toʻlovlar.
Tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlar doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi.
Tariflar va toʻlovlar bir tomonlama oʻzgartirilmaydi.
Energetika bozori regulatori tomonidan barcha isteʼmolchilar yoki isteʼmolchilarning toifalari uchun yagona tarif belgilanishi mumkin.
Shartnoma tuzilganidan keyin tartibga solinadigan tarif yoki toʻlov oʻzgargan taqdirda, tegishli shartnomaga nisbatan tarifning yoki toʻlovning oʻzgartirilgan miqdori qoʻllaniladi.
Energetika bozori regulatori tayinlangan taʼminotchining tarifi bir xil toifadagi isteʼmolchilarga sotiladigan elektr energiyasining oʻrtacha tarifidan yuqori boʻlishini taʼminlaydi.
