40-modda. Elektr taʼminotining namunaviy shartnomasi
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Isteʼmolchilar hamda taʼminotchilarning huquq va majburiyatlari elektr taʼminotining namunaviy shartnomasi shartlari bilan tartibga solinadi.
Elektr taʼminotining namunaviy shartnomasi Energetika bozori regulatori tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Elektr taʼminotining namunaviy shartnomasi quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
taʼminotchining nomi va manzili;
xizmatlar tavsifi va sifati, yetkazib berishni boshlashning taxminiy sanasi;
amaldagi barcha tariflar va toʻlovlar, shu jumladan isteʼmolchi tomonidan toʻlanadigan toʻlovlar;
qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi mavjud boʻlgan isteʼmolchini qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilish, mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar isteʼmolchining elektr energiyasi uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash shartlari;
shartnomaning amal qilish muddati, uni uzaytirish va shartnomani bekor qilish shartlari, shartnomani bekor qilish huquqi toʻgʻrisidagi axborotni olish shartlari;
shartnomada belgilangan xizmat koʻrsatish sifatiga rioya etilmagan, shu jumladan hisob-fakturalar notoʻgʻri berilgan va oʻz vaqtida taqdim etilmagan taqdirda qoʻllaniladigan choralar;
nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
toʻlov usullari va shartlari.
