34-modda. Taqsimlash tizimi operatori
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasini taqsimlash Energetika bozori regulatori tomonidan beriladigan litsenziya asosida, taqsimlash tizimi operatorlari tomonidan belgilangan hududda, boshqa elektr energetikasi korxonalaridan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Taqsimlash tizimi operatori ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi yuz foiz boʻlgan aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi.
Taqsimlash tizimi obyektlari taqsimlash tizimining operatoriga tegishlidir.
Taqsimlash tizimi operatori ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin. Ishonchli boshqaruvni amalga oshiruvchi yuridik shaxs taqsimlash tizimi obyektlarining ishchi holatda saqlanishini taʼminlashi shart.
Taqsimlash tizimi operatorlari tomonidan elektr energiyasini taqsimlash ushbu Qonun, taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari hamda litsenziya talablari va shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Taqsimlash tizimini rivojlantirish va investitsiya rejalari Energetika bozori regulatoriga va maxsus vakolatli davlat organiga kelishish uchun taqdim etiladi.
Taqsimlash tizimi operatori tasdiqlangan investitsiya rejalarini eʼlon qiladi.
