33-modda. Treyderlarning huquq va majburiyatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Treyderlar quyidagi huquqlarga ega:
litsenziya talablari va shartlariga, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga hamda ushbu Qonun talablariga muvofiq elektr energiyasi bozorida treyderlik faoliyatini amalga oshirish;
elektr energiyasi bozori qoidalariga muvofiq bozor ishtirokchilari bilan elektr energiyasini sotib olish va (yoki) sotish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
Energetika bozori regulatori tomonidan belgilangan talablarga muvofiq elektr energiyasi savdosi operatsiyalari uchun toʻlovlarni yigʻish.
Treyderlar:
elektr energiyasi savdosi boʻyicha operatsiyalarning xavfsiz, ishonchli va barqarorligini taʼminlash talablariga rioya etishi;
narxlar, tariflar yoki elektr energiyasi savdosi boʻyicha operatsiyalarning shartlariga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida isteʼmolchilarni oldindan xabardor qilishi;
isteʼmolchilarning elektr energiyasi savdosi bilan bogʻliq murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqishi;
Energetika bozori regulatoriga savdo faoliyati toʻgʻrisida har oyda hisobotlar taqdim etishi;
elektr energiyasi bilan bogʻliq savdo operatsiyalari toʻgʻrisidagi tegishli axborotni besh yil davomida saqlab turishi va uni soʻrov boʻyicha vakolatli davlat organlariga taqdim etishi;
tayinlangan taʼminotchi sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlashi va bu boʻyicha alohida moliyaviy hisobot yuritishi shart.
Treyderlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
