27-modda. Elektr energiyasini saqlash tizimi operatorining huquq va majburiyatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasini saqlash tizimi operatorlari quyidagi huquqlarga ega:
litsenziya talablari va shartlariga, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga hamda ushbu Qonun talablarga muvofiq bir yoki bir nechta elektr energiyasini saqlash tizimlarida elektr energiyasini saqlash;
elektr energiyasi bozori qoidalariga muvofiq bozor ishtirokchilari bilan elektr energiyasini sotib olish va sotish uchun hamda quvvat berishga tayyorligi boʻyicha shartnomalar tuzish;
tegishli tizim operatori bilan muvozanatlashni tashkil etish boʻyicha va qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish uchun shartnomalar tuzish;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish.
Elektr energiyasini saqlash tizimi operatori:
ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek litsenziya talablari va shartlariga rioya etishi;
tizim operatorining tezkor-dispetcherlik boshqaruvi, muvozanatlash, tizimdagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish hamda qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq tezkor koʻrsatmalariga rioya etishi;
elektr energiyasini saqlash tizimlarini ishchi holatda saqlashi va ularning xavfsiz ekspluatatsiya qilinishini taʼminlashi;
elektr energiyasi bozoridagi sogʻlom raqobatni taʼminlashi;
yagona elektr energetikasi tizimi boshqaruvi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni tegishli tizim operatoriga taqdim etishi;
elektr energiyasini saqlash tizimlariga texnik xizmat koʻrsatish uchun tegishli tizim operatoriga sharoitlar yaratishi;
elektr energiyasini saqlash tizimlariga qabul qilingan va ulardan chiqarilgan elektr energiyasi hajmlari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishi shart.
Elektr energiyasini saqlash tizimi operatori qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
