26-modda. Elektr energiyasini saqlash tizimi operatori
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasini saqlash Energetika bozori regulatori tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi. Har bir elektr energiyasini saqlash tizimi uchun alohida litsenziya olish talab qilinadi.
Quyidagi hollarda Energetika bozori regulatori tomonidan litsenziya berilishi talab etilmaydi:
foydalanuvchilar faqat oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini saqlash tizimini oʻrnatganda;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan elektr energiyasini saqlash tizimlari uchun.
Elektr energiyasini saqlash tizimi operatori elektr energiyasini saqlash uskunalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq boʻlgan) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu uskunalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil muddatga ozod etiladi.
Elektr energiyasini saqlash tizimi operatori tomonidan elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari tugallanganidan soʻng ularni sinash va foydalanishga topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Elektr energiyasini saqlash tizimi operatori elektr energiyasini saqlash tizimlarini yoki ularning bir qismini vaqtincha oʻchirish yoxud foydalanishdan chiqarishdan olti oy oldin tizim operatorini va Energetika bozori regulatorini bu haqda xabardor qiladi.
Alohida hollarda, Energetika bozori regulatori elektr energiyasini saqlash tizimlaridagi vaqtincha oʻchirilayotgan yoki foydalanishdan chiqarilayotgan obyektni uning yagona elektr energetikasi tizimiga boʻlgan taʼsirini tegishli tizim operatori va tizim operatori tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish asosida vaqtincha oʻchirishga ruxsat berishi yoki asoslantirgan holda uni rad etishi mumkin.
