24-modda. Ishlab chiqaruvchi
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasini ishlab chiqarish Energetika bozori regulatori tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi. Bir nechta elektr stansiyalarida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi har bir elektr stansiyasi uchun alohida litsenziya oladi.
Quyidagi hollarda litsenziya olish talab qilinmaydi:
oʻrnatilgan quvvati 5 MVtdan kam boʻlgan elektr stansiyasida oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini ishlab chiqarishda;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan elektr stansiyasida elektr energiyasini ishlab chiqarishda;
mikroelektr stansiyasida elektr energiyasini ishlab chiqarishda.
Elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun litsenziya elektr stansiyasini qurish ishlarini boshlashdan avval olinadi.
Elektr stansiyalari davlat mulki yoki xususiy mulk boʻlishi mumkin. Bunda oʻrnatilgan quvvati 5 MVtdan ortiq boʻlgan gidroelektr stansiyalari va gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stansiyalarining kamida 25 foizi Oʻzbekiston Respublikasining davlat mulki boʻlishi shart.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yangi innovatsion yechimlar asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish qonunchilikka muvofiq ragʻbatlantiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar elektr energiyasini oʻz ehtiyoji uchun ishlab chiqarishi mumkin.
Elektr energiyasini faqat oʻz ehtiyoji uchun ishlab chiqaruvchilar isteʼmolchi maqomiga ega hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchilar tomonidan elektr stansiyalarini qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari yakunlaganidan soʻng ularni sinash va foydalanishga topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ishlab chiqaruvchilar (yagona elektr energetikasi tizimiga ulangan oʻrnatilgan quvvati 5 MVt va undan yuqori boʻlgan elektr stansiyalari) elektr stansiyasini yoki uning bir qismini vaqtincha oʻchirish yoxud foydalanishdan chiqarishdan oʻn ikki oy oldin tizim operatorini va Energetika bozori regulatorini bu haqda xabardor qiladi.
Alohida hollarda, Energetika bozori regulatori vaqtincha oʻchirilayotgan yoki foydalanishdan chiqarilayotgan obyektni uning yagona elektr energetikasi tizimiga boʻlgan taʼsirini tegishli tizim operatori va tizim operatori tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish asosida vaqtincha oʻchirishga ruxsat berishi yoki asoslantirgan holda uni rad etishi mumkin.
