23-modda. Elektr energiyasi bozori operatorining huquq va majburiyatlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-939-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Elektr energiyasi bozori operatori quyidagi huquqlarga ega:
litsenziya talablari va shartlariga, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga hamda mazkur Qonun talablariga muvofiq bozor ishtirokchilari nomidan elektr energiyasini sotish va (yoki) sotib olishni tashkil etish;
elektr energetikasi korxonalaridan elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini tashkil etish maqsadida talab qilinishi mumkin boʻlgan tegishli axborotni elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozori qoidalariga muvofiq soʻrab olish.
Elektr energiyasi bozori operatori:
elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini tashkil etishi;
elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozori ishtirokchilarini roʻyxatga olishi va ularning hisobini yuritishi;
elektr energiyasi bozori ishtirokchilari oʻrtasidagi shartnomalarning va majburiyatlarning hisobini yuritishi;
elektr energiyasi savdosining (shu jumladan importi va eksportining) har kungi jadvallarini tayyorlashi;
elektr energiyasi savdosining har kungi jadvallarini uzatish tizimi operatoriga va elektr energiyasi bozorining boshqa manfaatdor ishtirokchilariga oʻz vaqtida taqdim etishi;
elektr energiyasi ulgurji bozorining raqobatli va erkin tashkil etilishi hamda faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan barcha axborotni oʻz vaqtida eʼlon qilib borishi;
boshqa davlatlar uzatish tizimlari bilan bogʻlovchi tarmoqlardagi yuklamalarni toʻgʻri taqsimlash, ulardan foydalanishni takomillashtirish va uzatish tizimidagi oʻta yuklanishlarni boshqarish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga, Energetika bozori regulatoriga hamda uzatish tizimi operatoriga takliflar kiritishi shart.
Elektr energiyasi bozori operatori bozor konsepsiyasiga va elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozori qoidalariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
