48-modda. Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturi
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturi tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasi xodimi tomonidan mutaxassis-psixolog bilan hamkorlikda, shaxsning ijtimoiy-psixologik qiyofasi asosida ishlab chiqiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturida probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan ijtimoiy moslashtirish choralari, ularni amalga oshirish mexanizmlari, bajarish muddatlari va masʼul ijrochilar koʻrsatiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturi probatsiyaga oid axborot tizimiga kiritilgan paytdan eʼtiboran tasdiqlangan hisoblanadi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturidan koʻchirma ushbu shaxs probatsiya hisobiga qoʻyilgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasi xodimi tomonidan masʼul ijrochilar eʼtiboriga yetkaziladi va bajarish uchun yuboriladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturiga ijtimoiy moslashtirish choralarining bajarilishi, ularning natijalari toʻgʻrisidagi axborot kiritiladi, shuningdek shaxsning ijtimoiy-psixologik qiyofasidagi ijobiy yoki salbiy oʻzgarishlar haqida mutaxassis-psixolog tomonidan kiritiladigan maʼlumotlar hisobga olingan holda, ijtimoiy moslashtirish dasturiga ijtimoiy moslashtirish choralariga qoʻshimchalar, oʻzgartirishlar kiritish yoki ularni qisman bekor qilish zarurligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturidagi ijtimoiy moslashtirish choralarining toʻgʻri belgilanganligi uchun tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasining xodimi shaxsan javobgar boʻladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsni ijtimoiy moslashtirish dasturidagi tadbirlar uzrli sabablarsiz belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi faktlari boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi va ularni bartaraf etish choralari koʻriladi.
