41-modda. Alkogolli ichimliklarni isteʼmol qilish yuzasidan sud belgilagan taqiqqa (cheklovga) probatsiya nazoratidagi shaxs tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Alkogolli ichimliklarni isteʼmol qilish yuzasidan sud belgilagan taqiqqa (cheklovga) probatsiya nazoratidagi shaxs tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalari ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsning psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatida ekanligini aniqlash uchun tekshiruv oʻtkazishga quyidagilar asos boʻladi:
ogʻiz boʻshligʻidan alkogol hidi kelishi;
bir holatda toʻgʻri tura olmaslik (chayqalib turish);
nutqning buzilganligi;
qoʻl barmoqlarining titrashi;
yuz terisi rangining sezilarli tarzda oʻzgarganligi.
Tekshiruv oʻtkazish uchun asoslardan biri aniqlangan taqdirda, tekshiruv toʻrt soat ichida oʻtkazilishi kerak.
Probatsiya nazoratidagi shaxsning alkogolli ichimliklar taʼsiridan mastlik holatida ekanligini aniqlash uchun tekshiruv havoga chiqarilgan etanol bugʻlarini aniqlaydigan va tekshiruv natijalarini qogʻozda aks ettiradigan sertifikatlangan maxsus texnika vositasi yordamida oʻtkaziladi.
Tekshiruv oʻtkazish oldidan probatsiya nazoratidagi shaxs sertifikatlangan maxsus texnika vositasining texnik xususiyatlarini va ishlash tartibini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishtiriladi.
Sertifikatlangan maxsus texnika vositasi yordamida tekshiruv kamida ikki nafar xolisning hozirligida tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasi xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxs tomonidan nafas orqali chiqariladigan havodagi etanol bugʻlari konsentratsiyasi koʻrsatkichi 0,135 milligramm yoki undan yuqori boʻlgan hollarda, probatsiya xizmati xodimi probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan uning alkogolli ichimliklar isteʼmol qilganligi fakti yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtiradi hamda dalolatnomaga sertifikatlangan maxsus texnika vositasidan foydalangan holda oʻtkazilgan tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi chop etilgan maʼlumotlarni ilova qiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxs sertifikatlangan maxsus texnika vositasi yordamida tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlagan hollarda yoki unda sertifikatlangan maxsus texnika vositasidan foydalangan holda oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga nisbatan eʼtirozlar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek sertifikatlangan maxsus texnika vositasidan foydalangan holda tekshiruv oʻtkazish chogʻida alkogoldan mastlik holati tasdiqlanmagan taqdirda, probatsiya xizmati xodimi probatsiya nazoratidagi shaxsning psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun uni tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasiga tibbiy tekshiruv oʻtkazilishi uchun olib boradi.
