24-modda. Probatsiya xizmatining majburiyatlari
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Probatsiya xizmati:
sudning probatsiya nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarga taalluqli soʻroviga binoan tegishli axborotni taqdim etishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga ularning xulq-atvori ustidan nazoratning amalga oshirilish tartibini, sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) va majburiyatlarga rioya etilishi shartlarini, shuningdek mazkur taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan yoki ushbu majburiyatlarni bajarmagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan huquqiy oqibatlarni tushuntirishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) va majburiyatlarga rioya etishini tekshirishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini ularning elektron ijtimoiy-psixologik qiyofasini tuzgan holda ijtimoiy moslashtirish dasturlari asosida amalga oshirishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning hisobini probatsiyaga oid axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritish orqali yuritishi;
oʻziga nisbatan jinoyat ishi yopiq sud majlislarida koʻrilgan probatsiya nazoratidagi shaxslarning shaxsiy yigʻmajildlarini belgilangan tartibda yuritishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olinishini taʼminlashi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) va majburiyatlarga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mazkur shaxslarning uylariga (kvartiralariga) kirilgan barcha hollar toʻgʻrisida yigirma toʻrt soat ichida prokurorni yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan sudga jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqida, jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish toʻgʻrisida yoxud kasallik yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik tufayli jazodan ozod qilish haqida taqdimnomalar kiritishi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan sud tomonidan belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) va majburiyatlarni toʻliq yoki qisman bekor qilish haqida, shuningdek qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) va majburiyatlar belgilash toʻgʻrisida sudga taqdimnomalar kiritishi;
shartli hukmni bekor qilish yoki jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni bekor qilish haqida yoxud jazoning oʻtalmagan muddatini ogʻirroq jazo turiga almashtirish toʻgʻrisida sudga taqdimnomalar kiritishi;
