23-modda. Probatsiya xizmatining huquqlari
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Probatsiya xizmati quyidagi huquqlarga ega:
probatsiya nazoratidagi shaxslardan probatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishni, gʻayrihuquqiy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilish;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarning tekshiruvini amalga oshirish;
ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan, oʻziga nisbatan muayyan buyumlarga ega boʻlishga yoki ularni saqlashga doir sud tomonidan taqiq (cheklov) belgilangan shaxslarni ushbu taqiqqa (cheklovga) rioya etilayotganligini tekshirish maqsadida shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning ashyolarini, qoʻl yukini, bagajini koʻzdan kechirish;
sud tomonidan oʻziga nisbatan muayyan vaqtda yashash joyida boʻlish majburiyati belgilangan, shuningdek oʻziga nisbatan tuman (shahar) probatsiya boʻlinmasining roziligisiz yashash joyini oʻzgartirishga, tegishli maʼmuriy hudud doirasidan tashqariga chiqishga doir taqiqlar (cheklovlar) belgilangan probatsiya nazoratidagi shaxslarning mazkur taqiqlarga (cheklovlarga) va majburiyatlarga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida probatsiya nazoratidagi shaxslarning yashash joyini ushbu Qonunda belgilangan tartibda tekshirishni amalga oshirish;
tegishli davlat organlarini va tashkilotlarini, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolarni probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirishga doir faoliyatga jalb etish;
probatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarini, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga bajarilishi shart boʻlgan taqdimnomalarni oʻz vakolatlari doirasida kiritish;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning mastlik holatini sertifikatlashtirilgan maxsus texnik vosita yordamida yoki tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida masʼul xodimlar yordamida aniqlash;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvoriga ijobiy taʼsir koʻrsatish maqsadida ushbu shaxslarga jamoat tarbiyachilarini (yashash joyi boʻyicha) yoki murabbiylarni (oʻqish yoki ish joyi boʻyicha) biriktirishga doir chora-tadbirlarni koʻrish;
axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoni oʻtayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslarning ish joyidan ish haqi, ishlagan kunlari, ish haqidan ushlab qolishlarning miqdorlari toʻgʻrisidagi hisob-kitob maʼlumotnomalarini olish.
