12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti probatsiya xizmatining probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatlari
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining probatsiya xizmati (bundan buyon matnda probatsiya xizmati deb yuritiladi) probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatli organdir.
Probatsiya xizmati:
probatsiyani amalga oshirish sohasidagi davlat dasturlarining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
probatsiyani amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar kiritadi;
muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash tarzidagi jazolarning ijro etilishini taʼminlaydi;
probatsiyaga oid axborot tizimining ishlashini, shuningdek unga probatsiya nazoratidagi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishini taʼminlaydi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning ish yoki oʻqish joyidan jazoning ijro etilishi bilan bogʻliq axborotni yoki boshqa zarur hujjatlarni soʻrab oladi;
probatsiyani amalga oshirish sohasidagi faoliyat bilan bogʻliq masalalar yuzasidan davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga soʻrovlar yuboradi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) va majburiyatlarga rioya etishi ustidan tekshirishlar oʻtkazish orqali nazoratni amalga oshiradi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish dasturlari ishlab chiqilishini, shuningdek ushbu shaxslarni ijtimoiy moslashtirishga doir tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan takroran huquqbuzarlik sodir etilishi xavfini aniqlaydi va ushbu shaxslarning huquqbuzarliklar sodir etishiga yoʻl qoʻyilmasligiga qaratilgan profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning majburiy va profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ragʻbatlantirish, intizomiy jazo choralarini, shuningdek huquqiy taʼsir choralarini qoʻllaydi;
probatsiyani amalga oshirishga koʻmaklashgan davlat organlarining, muassasalarining va tashkilotlarining xodimlarini, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolarni oʻz vakolati doirasida ragʻbatlantirish choralarini koʻradi.
