11-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatlari
Probatsiya toʻgʻrisida (O‘RQ-938-son) · Sana: 07.08.2024 · Amalda
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
probatsiyani amalga oshirish sohasidagi davlat dasturlarining roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirishga va ishga joylashtirishga koʻmaklashadi;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsatishni va ularning xulqi-atvorini nazorat qilishni amalga oshirish boʻyicha faoliyatga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etishga koʻmaklashadi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan va probatsiya hisobiga qoʻyilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan moddiy yordam berilishini taʼminlaydi;
probatsiya nazoratidagi shaxslar majburiy jamoat ishlari tarzidagi jazoni oʻtashi mumkin boʻlgan joylarning (obyektlarning) roʻyxatini unda ishlarning turlarini va tarkibini koʻrsatgan holda, tuman va shahar ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) jamoat xavfsizligi xizmatlarining probatsiya boʻlinmalariga (guruhlariga) (bundan buyon matnda tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalari deb yuritiladi) kelishish uchun har chorakda taqdim etadi;
probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan majburiy jamoat ishlari tarzidagi jazoni oʻtash uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalarining probatsiya nazoratidagi shaxslarni uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi taqdimnomalarini koʻrib chiqadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
