8-modda. Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha cheklovlar
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi:
xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish orqali shaxsiy naf olishga;
manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi axborotni oshkor etish chogʻida maʼlumotlarni yashirishga yoxud bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot taqdim etishga;
biri boshqasiga boʻysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratidagi tashkilotlarda oʻrindoshlik boʻyicha ishlashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tijorat tashkilotlarining taʼsischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) boʻlishga, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada boʻlgan aksiyalarining oʻn foizigacha egalik qilish hollari mustasno;
oʻzi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning nazoratida boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyektining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilishga, shuningdek ushbu tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqaruv organi aʼzosi boʻlishga, bundan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan yoki bu faoliyat qonunchilikka muvofiq lavozim majburiyatlari hisoblanadigan hollar mustasno. Bunda davlat organi yoki boshqa tashkilot nazoratida boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilgan yoxud mazkur tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqaruv organlari aʼzosi boʻlgan shaxs mazkur davlat organida yoki boshqa tashkilotda xodim lavozimini egallagan hollarda, u qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu aksiyalarni yoki ulushlarni bir oy ichida realizatsiya qilishi, boshqaruv organlarining aʼzoligidan chiqishi kerak;
oʻzi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda oʻziga taalluqli boʻlgan ishlarni koʻrib chiqishda yoki oʻziga aloqador shaxslarga taalluqli boʻlgan ishlarni koʻrib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishga, agar u qonunchilikka muvofiq qonuniy vakil boʻlmasa;
oʻzi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotning mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda oʻzi ishtirok etishga haqli emas.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning oʻzi bilan mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan boʻshatilgan xodimi ikki yil ichida oxirgi ish joyida oʻzi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlar yoki ularning tarkibiy boʻlinmalari tomonidan ishga ushbu xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirgan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi nazorat boʻlinmasi vazifasini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning xulosasiga asosan qabul qilinadi.
