26-modda. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qarorlar qabul qilish yoki bitimlar tuzish
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-931-son) · Sana: 05.06.2024 · Amalda
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu qaror qabul qilinganligi yoki bitim tuzilganligi natijasida olingan foyda bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarib berish toʻgʻrisida talab qoʻyilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga oʻtkaziladi. Bunda haqiqiy emas deb topilgan bunday bitimning ijrosi bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaxsning hisobidan qoplanadi.
Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilganligi natijasida jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga yetkazilgan zarar davlat organining yoki boshqa tashkilotning aybdor xodimlaridan regress tartibida undirib olinishi mumkin.
