24-modda. Tovar belgisiga doir guvohnomani yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida, basharti u ushbu Qonun 10-moddasi birinchi qismining 1 — 12-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa yoki tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Vazirlikning oʻz rasmiy veb-saytida ham joylashtiriladigan rasmiy axborotnomasida eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran besh yil mobaynida, basharti u ushbu Qonun 10-moddasi birinchi qismining 13 va 14-bandlarida belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa, toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar belgisi egasining harakatlari belgilangan tartibda insofsiz raqobat fakti deb topilgan taqdirda, tovar belgisiga doir guvohnoma uning butun amal qilish muddati davomida toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma uning amal qilishining butun muddati davomida, basharti u ushbu Qonunda belgilangan talablarni buzgan holda berilgan boʻlsa, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Tovar belgisiga doir guvohnoma yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma Apellyatsiya kengashining yoki sud qarori asosida toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topiladi.
