22-modda. Tovar belgisiga doir guvohnomaning hamda tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish
Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida (267-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tovar belgisiga doir guvohnomaning yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati guvohnoma amal qilayotgan oxirgi yil mobaynida uning egasi tomonidan berilgan arizaga binoan har safar oʻn yilga uzaytirilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan arizani topshirishda patent boji toʻlanadi va arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:
patent vakili orqali ariza berilgan taqdirda talabnoma beruvchining ishonchnomasi;
tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs mazkur joʻgʻrofiy obyektda ekanligini va guvohnomada koʻrsatilgan xususiyatlarga ega boʻlgan tovar ishlab chiqarayotganligini tasdiqlovchi hujjat.
Tovar belgisiga doir guvohnomaning yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi yozuv tegishli reyestrga kiritiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan arizani berish muddati guvohnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin olti oy mobaynida guvohnoma egasi bergan iltimosnomaga binoan uzaytirilishi mumkin.
