19-modda. Bola huquqlari boʻyicha vakilning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasida aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida (O‘RQ-917-son) · Sana: 29.02.2024 · Amalda
Bola huquqlari boʻyicha vakil aholining bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirish choralarini koʻradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vositalarini, usullarini va mexanizmlarini oʻrgatishga qaratilgan maʼrifiy hamda taʼlim dasturlarini, ilmiy-amaliy tadbirlar va seminarlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
