“492-modda. Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini gʻayriqonuniy ravishda kesganlik, yoʻq qilganlik uchun moliyaviy sanksiyalar
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-916-son) · Sana: 29.02.2024 · Amalda
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini gʻayriqonuniy ravishda kesganlik, yoʻq qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar yuridik shaxslar aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olganda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan qoʻllaniladi, nizo mavjud boʻlgan hollarda yoki yuridik shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining qarorini olgan kundan eʼtiboran bir oy ichida moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda toʻlamagan hollarda, moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan hal etiladi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 2-moddasining 3-bandi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-fevral,
OʻRQ-916-son
