“241-modda. Fraksiya rahbari
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-909-son) · Sana: 19.02.2024 · Amalda
Fraksiya oʻz tarkibidan fraksiya rahbarini saylaydi.
Fraksiya rahbari:
fraksiya faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Qonunchilik palatasi majlislarida koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan fraksiyaning kelishilgan nuqtai nazarini bayon etadi, ular boʻyicha rasmiy bayonotlar bilan chiqadi (fraksiya qaroriga koʻra mazkur vakolat fraksiyaning boshqa aʼzolari zimmasiga ham yuklatilishi mumkin);
Qonunchilik palatasi, uning organlari va mansabdor shaxslari bilan fraksiya nomidan muzokaralar olib boradi;
fraksiyaning partiya rahbar organlari bilan hamkorligini taʼminlaydi;
davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda fraksiya nomidan ish yuritadi;
fraksiyaning qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
fraksiya majlislarining kun tartibini shakllantirish boʻyicha tavsiyalar beradi hamda muhokamaga kiritilgan masalalarni tayyorlash ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
fraksiya majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
fraksiya ishida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini va boshqa davlat organlarining rahbarlarini, ekspertlarni, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini taklif etadi;
fraksiya oldida turgan vazifalardan kelib chiqqan holda fraksiya aʼzolariga ularning oʻz saylov okruglaridagi faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashadi;
fraksiyaning samarali faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Fraksiya rahbari mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlariga koʻra Spiker oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Fraksiya rahbari fraksiya majlisida saylanadigan oʻrinbosariga (oʻrinbosarlariga) ega boʻladi.
Fraksiya rahbari yoʻqligida uning vakolatlarini fraksiya rahbarining oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
