“22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-909-son) · Sana: 19.02.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan soʻng bir oy ichida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi isteʼfoga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi va maʼqullashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturi Qonunchilik palatasining majlisida eshitiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturi, fraksiyalar vakillarining oʻz fikrlari va nuqtai nazarlari bayon etilgan chiqishlari eshitilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri nomzodini maʼqullash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi uning uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda maʼqullangan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini maʼqullash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
