7-modda. Saylov okruglari tuzish
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Deputatlar saylovini oʻtkazish uchun:
xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga deputatlar saylashda – oltmishtadan koʻp boʻlmagan;
xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga deputatlar saylashda — oʻttiztadan koʻp boʻlmagan hududiy saylov okrugi tuziladi.
Har bir saylov okrugidan tegishli xalq deputatlari Kengashiga bitta deputat saylanadi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov okruglari soni aholining, saylovchilarning sonini, hududni va boshqa mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda ushbu Qonunda belgilangan normalar doirasida tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan belgilanadi.
Saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning maʼmuriy-hududiy tuzilishini inobatga olgan holda belgilanadi.
Tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi saylov okruglari roʻyxatini ularning chegaralari va saylovchilar sonini koʻrsatgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin eʼlon qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga muvofiq tumanga boʻysunadigan shaharlarda, xalq deputatlari Kengashlari va tegishli Kengashlarga saylov oʻtkazuvchi saylov okruglari tuzilmaydi, deputatlar saylanmaydi.
