6-modda. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi oshkoralik
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradilar.
Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan manzili va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradilar, deputatlikka nomzodlar xususidagi maʼlumotlar, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradilar.
Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida okrug saylov komissiyalariga saylovga kechi bilan oʻn besh kun qolganida maʼlum qiladilar.
Okrug saylov komissiyasi manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi belgilaydigan namunadagi mandatni kuzatuvchi uchun beradi.
Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
deputatlikka nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, okrug va uchastka saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish;
saylov uchastkasida hozir boʻlish hamda tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish;
ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonlarini tuzishda hozir boʻlish;
saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini soʻrash va ularni olish;
basharti saylov uchastkasida ushbu Qonunning buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asos boʻlsa, oʻz kuzatuvlari toʻgʻrisida yuqori saylov komissiyasiga maʼlum qilish.
