41-modda. Deputatlar saylovining natijalarini aniqlash
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonlar asosida:
viloyat, tuman, shahar boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini;
saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini;
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab berilgan ovozlarning sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.
Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Basharti, saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning oʻttiz uch foizidan kami ishtirok etgan boʻlsa — saylov oʻtmagan deb topiladi.
Saylov chogʻida yoʻl qoʻyilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov umuman viloyat, tuman, shahar boʻyicha yoki ayrim saylov okruglari, yoxud ayrim saylov uchastkalari boʻyicha oʻtmagan deb topilishi mumkin. Saylovni haqiqiy emas deb topishga doir qaror tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu qaror ustidan saylov yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Ayrim saylov uchastkalari boʻyicha saylov haqiqiy emas deb topilgani taqdirda tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasining qaroriga binoan ana shu uchastkalar boʻyicha ovoz berish natijalari, basharti, bu natijalarsiz ham saylov umuman haqiqiy deb topilishi mumkin boʻlsa, saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi saylov yakunlari boʻyicha bayon tuzadi va qaror qabul qiladi.
