22-modda. Deputatlikka siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan nomzodlar koʻrsatish
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatligiga nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatligiga nomzodlar siyosiy partiyalarning viloyat organlari tomonidan koʻrsatiladi.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar siyosiy partiyalarning tegishli tuman, shahar organlari tomonidan hamda fuqarolar yigʻinlarida (vakillari yigʻilishlarida) koʻrsatiladi.
Siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod koʻrsatishga vakolatlidir. Agar tegishli xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazuvchi saylov okrugi hududida fuqarolarning ikki va undan ortiq oʻzini oʻzi boshqarish organi joylashgan boʻlsa, deputatlikka nomzod fuqarolar vakillarining yigʻilishlarida koʻrsatiladi. Yigʻilishda ishtirok etadigan vakillar normasini tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi belgilaydi.
Deputatlikka, qoida tariqasida, tegishli viloyat, tuman yoki shahar hududida ishlovchi yoki yashovchi fuqarolar nomzod etib koʻrsatiladi. Bir shaxs tegishli xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazuvchi faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib koʻrsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar tanlash tartibini siyosiy partiyalarning va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻzlari belgilaydilar.
Xotin-qizlar soni siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi lozim.
Siyosiy partiyalar faqat oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib koʻrsatadi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari esa, shaxslarni u yoki bu partiyaga mansubligidan qatʼi nazar, deputatlikka nomzod etib koʻrsatishga haqlidir. Deputatlikka nomzod etib fuqarolar orasidan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, tegishli viloyat, tuman, shahar iqtisodiyotini rivojlantirishda faol ishtirok etayotgan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning, fermerlik harakatining samaradorligini oshirishga koʻmaklashayotgan shaxslar koʻrsatiladi. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
