21-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar taqdim etadigan hujjatlar
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
siyosiy partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari imzolagan saylovda qatnashish toʻgʻrisidagi ariza;
siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilganidan keyin tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiya vakiliga ariza qabul qilingan kun qayd etilgan maʼlumotnoma beradi. Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda qatnashishiga ijozat berish yoki bermaslik toʻgʻrisida besh kun muddatda uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning roʻyxati arizalar kelib tushishi navbatiga qarab tegishli viloyat, tuman, shahar matbuotida eʼlon qilinadi.
