17-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolat muddati
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida (1050-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Basharti, saylov komissiyasining majlisda komissiyaning majlis oʻtkazilayotgan kundagi mavjud tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, majlis vakolati hisoblanadi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya umumiy tarkibining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi boʻlmagan komissiya aʼzolari oʻzlarining alohida fikrlarini bildirishga haqlidirlar, bu fikr yozma shaklda bayonga ilova qilinadi. Agar ovozlar teng boʻlinib qolsa, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi kuchga ega boʻladi.
Saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalarining, shuningdek tegishli mahalliy davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalarining, mehnat jamoalari va harbiy qismlarning, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining ijrosi uchun majburiydir.
Saylov komissiyasining raisi, rais oʻrinbosari, kotibi yoki aʼzolaridan boshqa biri komissiyaning qaroriga binoan saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin. Bunda saylovni oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan uning oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishlari uchun yordam berishlari, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.
Davlat organlari, korxona, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun kerakli binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishlari shart.
Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tegishli mahalliy davlat organlari va jamoat birlashmalari organlariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega. Ular koʻpi bilan uch kun ichida komissiya oʻrtaga qoʻygan masalani qarab chiqishlari va saylov komissiyasiga javob qaytarishlari shart.
Okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin oʻz faoliyatlarini toʻxtatadilar.
