3-modda. Bojxona organlari
Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida (472-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari bojxona organlaridir.
Bojxona organlari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga amal qiladilar.
Bojxona organlari qonun hujjatlariga muvofiq oʻz faoliyatini davlat hokimiyati mahalliy organlaridan mustaqil tarzda amalga oshiradilar.
Bojxona organlari oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi shart.
Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar hisoblanadi va davlat budjeti mablagʻlaridan taʼminlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi bitilgan muhrga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilmasi mazkur apparat xodimlarining cheklangan soni bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom, shuningdek uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari apparatining, ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari, bojxona komplekslari va postlarining namunaviy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
