“223-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan apellatsiya shikoyati (protesti)
Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-889-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda apellatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli:
1) ajrimni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) ajrimni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga yoxud bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga;
3) arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish, arizani (shikoyatni) qaytarish, ish yuritishni toʻxtatib turish, ish yuritishni tugatish, arizani (shikoyatni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni birinchi instansiya sudiga koʻrib chiqish uchun yuborishga;
4) ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni koʻrib chiqish uchun taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.
