“3891-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-887-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) apellatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
2) apellatsiya shikoyati (protesti) qonunga muvofiq apellatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlmagan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa;
3) apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa;
4) apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilgan va oʻtkazilgan muddatni tiklash rad etilgan boʻlsa;
5) apellatsiya shikoyatidan (protestidan) uni bergan shaxs voz kechganligi (uni chaqirib olganligi) sababli apellatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim mavjud boʻlsa.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari koʻrsatiladi, apellatsiya shikoyatini berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish haqidagi masala hal etiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
