389-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-887-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Apellatsiya shikoyati (protesti) sudya tomonidan quyidagi hollarda qaytariladi, agar:
1) apellatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu Kodeksning 386-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmasa yoki apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ushbu Kodeks 387-moddasining ikkinchi, toʻrtinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa;
3) apellatsiya shikoyatiga davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan boʻlsa, qonunda davlat bojini toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash yoki uning miqdorini kamaytirish imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
4) apellatsiya shikoyati (protesti) sud hujjatini qabul qilgan sudni chetlab oʻtgan holda yuborilgan boʻlsa;
5) apellatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmasa;
6) apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar shikoyatni (protestni) bergan shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) haqida ariza tushgan boʻlsa.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyatni (protestni) qaytarish asoslari koʻrsatiladi, apellatsiya shikoyatini berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish haqidagi masala hal etiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
