“387-modda. Apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinadigan hujjatlar
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-887-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Apellatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi:
davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
apellatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda — uni imzolashga boʻlgan vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat.
Apellatsiya shikoyati (protesti) sudga ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab koʻchirma nusxalari bilan birga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan apellatsiya shikoyati (protesti) mustasno.
Zarur hollarda, sudya apellatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning zimmasiga apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilingan yozma materiallarning koʻchirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin.
Prokuror ishtirokisiz koʻrib chiqilgan ish boʻyicha apellatsiya protestiga ushbu Kodeks 383-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Sudning arizani qaytarish haqidagi yoki arizani qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan apellatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza va sudga taqdim etishda unga qoʻshib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga gʻayriqonuniy ravishda oʻtkazilganida uni ilgarigi ishiga tiklash toʻgʻrisida sud chiqargan hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.
