6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, yangi texnikani va texnologik jarayonlarni hamda qishloq xoʻjaligida ularning qoʻllanilish usullarini yaratishga, sinashga va joriy etishga doir ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik hamda loyihalashtirish ishlarini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida mutaxassislar tayyorlanishini, qayta tayyorlanishini va ularning malakasi oshirilishini taʼminlaydi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllashga doir uslubiy koʻrsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqish hamda joriy etishda ishtirok etadi;
qishloq xoʻjaligining kimyoviy va biologik himoya vositalariga, favqulodda vaziyatlar holatida kimyoviy vositalarning zaxiralarini shakllantirishga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
