5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish, ularni roʻyxatga olish hamda ishlab chiqarish, mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnomalar berish, mineral oʻgʻitlarning va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibini tasdiqlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi umumiy texnik reglamentlarni tasdiqlaydi;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida uchraydigan karantin ahamiyatiga ega boʻlmagan zararli organizmlar roʻyxatini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
