18-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosa
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazgan tashkilotlar tegishli xulosani yoki ilmiy hisobotni tayyorlaydi hamda uni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi xulosalarga va ilmiy hisobotlarga asosan yakuniy xulosa tayyorlaydi hamda ularning natijalariga koʻra kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish haqida yoxud roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalarini tahlil qiladi hamda baholashni amalga oshiradi.
Sinovlarni oʻtkazgan tashkilotlar yoki ulardan biri sinovlar yakunlari boʻyicha salbiy xulosa chiqargan taqdirda, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish rad etiladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlash muddati olti oydan oshmasligi kerak.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun ariza bergan shaxslar, shuningdek ushbu vositalarni ishlab chiqaruvchilar kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlashda ishtirok etishga haqli emas.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosa ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
