17-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash samaradorligini aniqlashni;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri xavfini baholashni hamda sanitariya normalari va qoidalarini, gigiyena normativlarini ishlab chiqishni;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoʻllanilishiga ekologik jihatdan baho berishni.
Maxsus vakolatli davlat organi ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda oʻrganishni amalga oshiradi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish rejasi tasdiqlanadi yoki sinovlarni oʻtkazish rad etiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar roʻyxatini tasdiqlaydi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlar kimyolashtirish vositalarining hamda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligini, toksikologik-gigiyenik xossalarini va ekologik xossalarini aniqlash uchun, ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan tartibda tasdiqlangan rejalarga muvofiq oʻtkaziladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olishga doir ariza bergan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar sinovlarni oʻtkazish uchun kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining zarur miqdordagi namunalarini, texnik hujjatlarni, taqqoslash uchun etalonlarni, taʼsir etuvchi moddalarning tahliliy standartlarini taqdim etishi shart.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish muddati ikki yildan oshmasligi kerak.
