“244-modda. Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish — Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-871-son)
“244-modda. Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish
Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-871-son) · Sana: 23.10.2023 · Amalda
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini uzaytirishda sharoitlar teng boʻlgan hollarda, boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega boʻladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar uch oy ichida bunday shartnomani uzaytirish istagi haqida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish toʻgʻrisidagi murojaati kelib tushgan paytdan eʼtiboran bir oy ichida ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirishga asoslantirilgan rad javobini bermasa va bu haqda ijaraga oluvchini xabardor qilmasa, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi avvalgi shartlar asosida yangi muddatga uzaytirilgan hisoblanadi.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirishni asossiz rad etgan holda yer uchastkasini ijara muddati yakunlanganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxsga ijaraga bersa, ijaraga oluvchi shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlar oʻziga oʻtkazilishini hamda shartnomani yangi muddatga uzaytirish rad etilishi munosabati bilan oʻziga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini yoki faqat zararning oʻzi qoplanishini sud orqali talab qilishga haqli.
Agar ijaraga oluvchi yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin ham yer uchastkasidan foydalanishni davom ettirsa, shartnomaning amal qilish muddati tugagunga qadar ijaraga beruvchi tomonidan eʼtirozlar boʻlmasa, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma oʻsha shartlar asosida xuddi oʻsha muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda yer uchastkasining dastlabki va yangi muddatga uzaytirilgan birgalikdagi umumiy ijara muddati ushbu Kodeksning 24-moddasida belgilangan eng koʻp (oxirgi) muddatdan oshib ketmasligi kerak”;
8) 25-moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bu ishlarni belgilangan tartibda qabul qilingan qarorlar asosida barcha toifadagi yerlarda yer egalaridan, yerdan foydalanuvchilardan, ijarachilardan hamda mulkdorlardan yer uchastkalarini olib qoʻymagan holda ommaviy servitut asosida amalga oshirishi mumkin.
Geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun ommaviy servitut qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan yoki ushbu ruxsatnomani bergan tashkilotning murojaatiga asosan viloyat va Toshkent shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Sugʻoriladigan haydov yerlarida, bogʻlarda, tokzorlar, tutzorlar, mevazorlar, tubdan yaxshilash ishlari amalga oshirilgan pichanzorlar va yaylovlarda, oʻrmon oʻsimliklari bilan qoplangan yerlarda qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun ommaviy servitut bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga belgilanadi, zarur hollarda bu muddatni uzogʻi bilan yana bir yilga uzaytirishga yoʻl qoʻyiladi”;
9) 28-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Yer uchastkalari ijaraga berilganda yer uchun haq ijara haqi shaklida olinadi. Davlat mulkida boʻlgan yer uchastkalari uchun ijara haqi yer soligʻiga tenglashtiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga olgan shaxslar yer uchun ijara haqini yer soligʻi toʻlovchilar uchun belgilangan tartibga muvofiq budjetga toʻlaydi. Agar qonunda va ijara shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu tartib doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan yer uchastkalari ijarasiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Xususiy mulk boʻlgan yer uchastkalari uchun ijara haqi miqdori va toʻlov shakli ijaraga beruvchi hamda ijaraga oluvchi oʻrtasida mustaqil ravishda shartnomada belgilanadi. Bunda yer soligʻini toʻlash majburiyati ijaraga beruvchining zimmasiga yuklatiladi”;
10) 29-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yer uchastkasini sotish yoki oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash, bundan xususiy mulk boʻlgan yer uchastkalarining boshqa shaxsga oʻtkazilishi va ushbu Kodeks 24-moddasining toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno”;
11) 30-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) — koʻchmas mulk (yer uchastkasi, boshqa koʻchmas mulk) egasining qoʻshni yer uchastkasidan, zarur hollarda esa boshqa yer uchastkasidan ham cheklangan tarzda foydalanish huquqidir.
Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
oʻzganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda oʻtish;
oʻzganing yer uchastkasida drenaj ishlari oʻtkazish;
oʻzganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar oʻtkazish va ulardan foydalanish;
oʻzganing yer uchastkasidan ekinzorlarni va qishloq xoʻjaligi hayvonlarini sugʻorish uchun suv olish;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarini oʻzganing yer uchastkasi orqali haydab oʻtish;
oʻzganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obyektlar barpo etish.
Servitut boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Servitut, uni belgilashni talab qilgan shaxslar bilan oʻzga yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi va mulkdori oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud qaroriga binoan belgilanadi.
Jamoat ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan hollarda servitut ushbu Kodeksga muvofiq viloyat va Toshkent shahar hokimi tomonidan ham belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).
Servitut toʻgʻrisidagi shartnoma davlat roʻyxatiga olinishi lozim va u yer uchastkasi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham saqlanib qolinadi. Servitut toʻgʻrisidagi shartnoma uni belgilashga sabab boʻlgan asoslar oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqdirda, bekor qilinishi mumkin.
Servitut belgilanishi yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi”;
12) quyidagi mazmundagi 301 — 306-moddalar bilan toʻldirilsin:
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “244-modda. Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-871-son). neolex.uz/uz/laws/law-6643534/244 (lex.uz/docs/-6643526)